01/11/2024

Joriy yilning 1- noyabr kuni Namangan viloyati statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida "Huquqiy bilimlarni mustahkamlash" mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi.

Mazkur o'quv seminarida Statistika boshqarmasi bosh yuriskonsulti Bohodir Ismatullayev tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida” O‘RQ-985-son Qonuni mazmun-mohiyati haqida boshqarma xodimlariga maʼlumot berdi.

Shuningdek, ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi  171-moddasi quyidagi tahrirda bayon etilganligini, ya’ni “Tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari, shuningdek ular kuzatib kelayotgan transport vositalari tomonidan yo‘l harakati qoidalariga muvofiq imtiyozdan foydalanilgan holda sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar maxsus avtomatlashtirilgan foto- va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan taqdirda hamda ular kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda haydovchilarning ma’muriy qoidabuzarligi oxirgi zarurat holatida sodir etilgan deb topiladi va ma’muriy ish ushbu Kodeksning 271-moddasiga muvofiq tugatiladi. Bunda tez tibbiy yordam va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarining transport vositalari tomonidan kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi talab qilinmaydi”-deb belgilanganligini, shuningdek ushbu moddaning oltinchi qismi ham to‘ldirilib, unga ko‘ra “Yo‘l harakati qoidalari buzilganligi to‘g‘risidagi ma’lumot jarima solish haqida qaror chiqarishga vakolatli bo‘lgan shaxsga yo‘l harakati qoidalari buzilganligi maxsus avtomatlashtirilgan foto- va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan paytdan e’tiboran qirq sakkiz soat ichida yuborilmagan taqdirda, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ushbu Kodeksning 271-moddasiga muvofiq tugatiladi”-deb belgilanganligini aytib o‘tdi.

Seminar davomida MJtKning 283-moddaning birinchi qismi ham o‘zgartirilib, unga ko‘ra “Agar fuqaro o‘zi sodir etgan huquqbuzarlik faktiga e’tiroz bildirmasa hamda unga joyning o‘zida solinadigan jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan oshmasa, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzilmaydi. Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy bayonnoma, jarima miqdoridan qat’i nazar, tuziladi, bundan ushbu moddaning to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno”-deb belgilanganligini tushuntirildi.