24/01/2025

 Joriy yilning 24- yanvar kuni Namangan viloyati statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida "Huquqiy bilimlarni mustahkamlash" mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi.

Mazkur o'quv seminarida statistika boshqarmasi bosh yuriskonsulti Bohodir Ismatullayev tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 14.11.2024-yildagi “Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-185-son Farmoni mazmun-mohiyati haqida boshqarma xodimlarga ma’lumotlar berib o‘tildi. 

Ushbu farmonga asosan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, shuningdek, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganligi sababli oilasidan olingan bolalarni muqobil joylashtirish shakllarini takomillashtirish hamda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlarning jamiyatga integratsiyasini ta’minlash maqsadida qabul qilinganligini, 2025-yil 1-yanvardan boshlab mehribonlik uylari va bolalar uylariga kam ta’minlangan oilalarning farzandlarini vaqtinchalik qabul qilish tartibi bekor qilinganligi, 2025-yil 1-fevraldan boshlab og‘ir hayotiy vaziyatda va yaqin qarindoshlari ko‘magisiz qolganligi natijasida farzandini tarbiyalashdan voz kechmoqchi bo‘lgan onalar, shu jumladan, homilador ayollar uchun bolalar uylarida “Onalar maskani” xizmati yo‘lga qo‘yilishi, joriy yil 1-martdan boshlab Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan va rasmiy band bo‘lgan yolg‘iz ona (ota)ga ijtimoiy shartnoma asosida bir nafar farzandi uchun bola(lar) uch yoshga to‘lguniga qadar maktabgacha ta’lim xizmatidan foydalanish uchun Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir yarim baravarigacha miqdorida moddiy yordam berilishi, agar bolalar egizak bo‘lsa, moddiy yordam egizaklarning har biri uchun berilishi haqida aytib o‘tildi.

 Bundan tashqari, seminarda 2025-yil 1-apreldan boshlab mahallalarda oila shaklidagi kichik hajmli bolalar uylari tashkil etilishi, dastlab Toshkent, 2025-yil 1-yanvardan boshlab bosqichma-bosqich Andijon viloyatida Agentlik tizimidagi tibbiy-ijtimoiy muassasa huzurida, Toshkent shahri hamda Samarqand viloyatida Agentlik tizimidagi yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirish uchun tarbiya muassasasi huzurida kichik hajmli bolalar uyi tashkil etilishi belgilanganligi haqida ma’lumotlar berib o‘tildi.

Seminar qiziqarli va savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi.