06/05/2025

Tarixiy manbalardan ma’lumki, aholini ilk ro‘yxatga olish qadimgi Gretsiya, Vavilon, Mesopotamiya, Rim, Xitoy, Yaponiya va Misrda o‘tkazilgan. Bundan asosiy maqsad odamlardan soliq yig‘ish, boj olish hamda harbiy safarbarlik uchun ularning sonini aniqlash bo‘lgan. Shu boisdan ro‘yxatga olishda asosan erkaklar e’tibor qaratilgan.

Aholini eng birinchi rasmiy ro‘yxatga olish 1790- yilda AQShda, keyinchalik 1800- yilda Shvetsiya va Finlyandiyada, 1801yilda Angliya, Daniya, Norvegiya va Fransiyada o‘tkazilgan. Ammo bu aholi ro‘yxatlari juda oddiy shaklda hamda uzoq muddatga cho‘zilgan. Masalan, AQShda ilk aholini ro‘yxatga olish ishlari 18 oy davomida olib borilgan.

XIX asrga kelib, aholini ro‘yxatga olish juda kengaydi. Qator Yevropa mamlakatlarida statistika tashkilotlari tuzildi. Aholini ro‘yxatga olish ilmiy dasturlar asosida olib borilishi yo‘lga qo‘yildi. Xususan, 1870-1879 yillarda dunyoning 48 ta, 1890- yillarda esa 57 ta davlatida aholi ro‘yxati o‘tkazilgan. XIX asr oxirida dunyo aholisining 21 foizi ro‘yxatga olingan bo‘lsa, XX asr boshida 54 foiz aholi ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Ikkinchi jahon urushidan keyin, aholini ro‘yxatga olish tizimi yanada takomillashtirildi. 1945-1954 yillarda 151 ta davlatda, 1965-1974-yillarda 179 ta davlatda aholi ro‘yxati o‘tkazilgan. Hozirgi paytda, dunyodagi deyarli barcha davlatlarda aholini ro‘yxatga olish ishlari olib borilmoqda.

Ko‘pgina mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish qonun bilan tartibga solingan. Masalan, Buyuk Britaniyada 1920- yilda «Qo‘shma qirollikda aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida«gi qonuni qabul qilingan. Mazkur qonunda aholini ro‘yxatga olishning barcha qoidalari, fuqarolar, uy xo‘jaliklari, korxonalar va muassasalarning qaysi toifalari ro‘yxatga olinishi, aholini ro‘yxatga olishni kim o‘tkazishi, so‘rov varaqalari qanday bo‘lishi kerakligi belgilab qo‘yilgan.

AQShda aholini ro‘yxatga olish ishlari muhim umumdavlat ahamiyatiga ega tadbir sifatida qaraladi. Unda barcha aholining ishtirok etishi Amerika demokratiyasi amal etishining zarur sharti, deb baholanadi.

Polshada aholini ro‘yxatga olish uzoq tarixga ega. Bu yerda mazkur tadbir Yevropada ilk bor 1764- yilda o‘tkazilgan. Mamlakatda har 10 yilda aholi qayta ro‘yxatdan o‘tadi. «Aholi ro‘yxati to‘g‘risida»gi qonuniga muvofiq, Polshaning har bir fuqarosi ruyxatga olish jarayonida taqdim etiladigan so‘rovnoma savollariga to‘la va haqqoniy javob berishi shart. Ma’lumot berishdan bosh tortish huquqiy ta’sir ko‘rilishiga sabab bo‘ladi.