2025-yilning 23-may kuni Namangan viloyati statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida “Huquqiy bilimlarni mustahkamlash” mavzusiga bag‘ishlangan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Mazkur seminarda boshqarma bosh yuriskonsulti Bohodir Ismatullayev tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 16.05.2025- yildagi “Transport vositalaridan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 318-son Qarori mazmun-mohiyati yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Jumladan, ushbu qaror bilan 2025-yil 1-iyundan boshlab yo‘lning qatnov qismidagi chiziqlar bilan belgilab qo‘yilgan talablarga rioya etmaslik holatlarini har qanday maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etishga, shaharlar avtomobil yo‘llarida ta’mirlash yoki yo‘l chiziqlarini chizish bilan bog‘liq ishlarni soat 07.00 dan 21.00 ga qadar amalga oshirishga (dam olish kunlari, shuningdek, kechiktirib bo‘lmaydigan alohida holatlar bundan mustasno) yo‘l qo‘yilmasligi belgilanganligini hamda soat 23.00 dan 06.00 ga qadar yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yo‘lda boshqa transport vositalarining harakatlanishiga;
amal qilish vaqtini ko‘rsatuvchi qo‘shimcha axborot belgilariga ega “To‘xtash taqiqlangan” va “To‘xtab turish taqiqlangan” yo‘l belgilari joylashgan hududda ularning amal qilish vaqtidan tashqari paytda transport vositalarining tegishlicha to‘xtashi hamda to‘xtab turishiga;
maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari atrofidagi yo‘llarda Yo‘l harakati qoidalari bilan belgilangan tezlik chegarasini dam olish kunlari, ta’til davrlari va 19.00 dan 07.00 ga vaqt oralig‘ida ushbu aholi punkti uchun ruxsat etilgan umumiy tezlik chegarasigacha oshirib harakatlanishga ruxsat berilganligini, shuningdek, joriy yil 1-sentabrdan boshlab harakat tezligini nazorat qilishga mo‘ljallangan har qanday turdagi statsionar va mobil radarlar joylashgan hududda va ungacha kamida 250 metrdan kam hamda 500 metrdan ko‘p bo‘lmagan hududda “Radar” yo‘l belgisining o‘rnatilishi majburiy hisoblanishi qarorda mustahkamlab qo‘yilganligini xodimlarga tushuntirib o‘tdi.


Seminar qiziqarli va savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi.



