Joriy yilning yanvar–may oylari davomida Mingbuloq tumanida 384,3 milliard so‘mlik bozor xizmatlari ko‘rsatildi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 114,5 foizga o‘sganini anglatadi. Ushbu o‘sish tumanda xizmatlar sohasining jadal rivojlanayotganini yaqqol tasdiqlaydi.
Iqtisodiy faoliyat turlari kesimida tahlil qilinganda, eng yuqori ulush savdo sohasiga to‘g‘ri kelib, ushbu yo‘nalishda 118,5 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan. Transport xizmatlari 87,1 milliard so‘mni, moliyaviy xizmatlar 43,0 milliard so‘mni tashkil etdi. Shuningdek, aloqa va axborotlashtirish sohasida 24,8 milliard so‘m, taʼlim sohasida 5,3 milliard so‘m, yashash va ovqatlanish bo‘yicha 7,1 milliard so‘m, sog‘liqni saqlashda esa 3,6 milliard so‘mlik xizmatlar amalga oshirildi. Qolgan 95,1 milliard so‘m esa boshqa turdagi xizmatlarga to‘g‘ri keldi.
Shu bilan birga, har bir aholi jon boshiga to‘g‘ri kelgan xizmatlar hajmi 2 million 745,3 ming so‘mni tashkil qildi. Bu esa xizmatlardan foydalanish darajasi aholi o‘rtasida ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Mingbuloq tumanida xizmatlar sohasidagi ushbu ijobiy dinamika uning iqtisodiy salohiyatining oshishi va aholi turmush darajasining yuksalib borayotganidan dalolat beradi.




