11/07/2025

 

2025-yil 11-iyul kuni Namangan viloyati statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida navbatdagi o‘quv seminari tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktabrdagi “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 595-sonli Qarori va unga ilova qilingan “Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari” yuzasidan batafsil tushunchalar berildi.

Seminarda ishtirokchilarga davlat fuqarolik xizmatchilarining kasbiy madaniyati, xizmat faoliyati va xizmatdan tashqari vaqtdagi odob-axloqi, tashqi ko‘rinishi va kiyinish uslubiga doir talablar haqida ma’lumotlar taqdim etildi. Xususan, davlat xizmatchilari o‘z xizmat faoliyati davomida va undan tashqarida davlat xizmatining obro‘siga putur yetkazmaslik, axloqiy normalarga rioya qilish, sadoqat, halollik, xushmuomalalik, fuqarolarga nisbatan samimiy va e’tiborli bo‘lish kabi qadriyatlarga sodiq bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi. 

Tadbir davomida, shuningdek, davlat xizmatchilarining quyidagi asosiy majburiyatlariga alohida e’tibor qaratildi:

  • O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga so‘zsiz rioya etish;

  • Davlat siyosatiga sodiqlik va davlat manfaatlarini qat’iy himoya qilish;

  • Xizmat vazifalarini halol, vijdonan va professional darajada bajarish;

  • Korrupsiya va boshqa qonunbuzarliklarga nisbatan murosasizlik bilan kurashish;

  • Mehnat va ijro intizomi, ichki tartib-qoidalarga qat’iy amal qilish;

  • Rasmiyatchilik, soxtakorlik va suiiste’mollikka yo‘l qo‘ymaslik.

Seminar davomida manfaatlar to‘qnashuvi, davlat xizmatchilarining manfaatlarini himoya qilish, odob-axloq qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish va ularga amal qilinmagan holatlarda qo‘llaniladigan axloqiy va intizomiy choralar yuzasidan ham batafsil tushunchalar berildi.

Xususan, Odob-axloq qoidalariga rioya qilinmagan hollarda ogohlantirish, uzr so‘rash, rasmiy uzrnoma keltirish, kollegial yig‘ilishlarda tanbeh berish, shuningdek, intizomiy jazo choralari qo‘llanilishi mumkinligi aytib o‘tildi. Zarurat tug‘ilganda Odob-axloq komissiyasi tomonidan rahbariyatga tegishli taqdimnomalar kiritilishi mumkinligi ham eslatib o‘tildi.

Seminar savol-javoblar va faol muloqot ruhida o‘tib, ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.