29/09/2025

Hozir jahonning ko‘plab rivojlangan davlatlarida aholi o‘rtacha har o‘n yilda kamida bir marta ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda.

Aholi sonini ro‘yxatga olish mamlakatda yashovchi barchaga tegishli bo‘lgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy maʼlumotlarni yig‘ish, umumlashtirish, baholash, tahlil va eʼlon qilishning yagona jarayonidir.

U aholi to‘g‘risidagi maʼlumotlarning asosiy manbai bo‘lib, kelgusi 10-20 yillik rivojlanishning prognoz ko‘rsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi. Aholi migratsiyasi to‘g‘risidagi maʼlumotlar shakllantiriladi.

O‘z navbatida, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot tarzida foydalaniladi. Aholi sonini ishonchli hisoblash bo‘yicha rasmiy statistika tizimida asosiy ro‘l o‘ynaydi.

Ushbu tadbirga tayyorgarlik jarayonidagi eng muhim masala aholi o‘rtasida ro‘yxatga olishda faol ishtirok etish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib borish hisoblanadi.

O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazish tadbirlari 2026- yil 15 yanvardan 28- fevralga qadar o‘tkaziladi. Uning dastlabki 17 kuni internet orqali, keyingi bir oy mobaynida esa “mahalla yettiligi” ishtirokida uyma-uy yurib amalga oshirilishi belgilandi.

Mazkur usul orqali xarajatlar sezilarli qisqarib, 1,3 trillion so‘m mablag‘ tejaladi. Shuningdek, ro‘yxatga olish jarayonlari oddiy va shaffof tarzda tashkil etiladi. Savollarning soni avval rejalashtirilgan 328 tadan 71 taga qisqartirildi.