11/11/2025

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabrdagi PF–173-sonli “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, 2026-yilda o‘tkaziladigan ro‘yxatga olish jarayonlariga tayyorgarlik ishlari izchil davom etmoqda.

Shu munosabat bilan, joriy yilning 11-noyabr kuni Namangan shahrida Mahalla yettiligi vakillari ishtirokida amaliy seminar tashkil etildi.

Tadbirda viloyat va shahar statistika bo‘limi mutaxassislari tomonidan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonining bosqichlari, so‘rovnomalar asosida aholini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi, hamda ma’lumotlarni elektron shaklda kiritish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar berildi.

Seminar davomida Mahalla yettiligi a’zolariga savolnomalarni to‘ldirish, respondentlar bilan muloqot qilish madaniyati va ro‘yxatga olishning muhim jihatlari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.

Mazkur seminarlar ro‘yxatga olish jarayonini sifatli tashkil etish, joylardagi mas’ul xodimlarning bilim va tayyorgarlik darajasini oshirishga xizmat qiladi.