2025-yil 5-sentabr kuni Namangan viloyat statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida navbatdagi “Huquqiy bilimlar” o‘quv mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 4-sentabrdagi 562-son qarori mazmun-mohiyati xodimlarga tushuntirildi.

Tadbir davomida 2026-yil 1-yanvardan boshlab avtomototransport vositalari uchun davlat raqami belgilarini berishning yangi tartibi joriy etilishi haqida ma’lumot berildi. Unga ko‘ra:
-
jismoniy va yuridik shaxslar istalgan harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan davlat raqami belgilarini yagona oshirilgan to‘lov evaziga to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron murojaat orqali olishi mumkin bo‘ladi;
-
bo‘sh turgan davlat raqami belgilarini YHXX mobil ilovasi, YHXX rasmiy veb-sayti, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, shuningdek ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limlarida joylashgan infokiosklar orqali tanlab olish imkoni yaratiladi.
Shuningdek, 2025-yil 1-oktyabrdan boshlab istalgan kombinatsiyadagi davlat raqami belgilariga yagona oshirilgan to‘lov miqdori “Uzavtomotobelgi” DUK tomonidan belgilanishi ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda yana bir muhim yangilik ta’kidlandi: avtomototransport vositasi qayta ro‘yxatdan o‘tkazilganda barcha toifadagi davlat raqami belgilarini yagona oshirilgan to‘lovning 50 foizi evaziga egasi nomida qoldirish yoki qonunchilikka muvofiq boshqa shaxs nomiga o‘tkazish mumkin bo‘ladi.



