Mamlakatimizda boshqaruv tizimini takomillashtirish, aholining ijtimoiy holati, bandlik darajasi, uy-joy sharoiti va qishloq xo‘jaligi ko‘rsatkichlarini aniq hisobga olish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayon davlat rejalashtiruvi, mahalliy byudjet siyosati, infratuzilma loyihalari hamda ijtimoiy dasturlarning to‘g‘ri yo‘naltirilishida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish — iqtisodiy rivojlanishning strategik asosi sifatida e’tirof etilmoqda.
Jarayonlarni samarali tashkil etish maqsadida Namangan shahar hokimligi va tegishli idoralardan iborat 9 nafar a’zodan tashkil topgan Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini tashkil etish bo‘yicha shahar shtabi faoliyat yuritmoqda. Shtabning vazifasi — ro‘yxatga olish jarayonini uzluksiz muvofiqlashtirish, amalga oshirilayotgan ishlarni monitoring qilish, yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etishdir.

Namangan shahar hokimi Ayubxon Kamalov mazkur shtab faoliyati bilan tanishdi. Hozirda shtabda mahalla yettiligi uchun maxsus o‘quv mashg‘ulotlari tashkil qilinib, ro‘yxatga olish tartibi, savolnomalar mazmuni, elektron tizimdan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar berilmoqda.

Ro‘yxatga olish ikki bosqichda amalga oshiriladi:
1-bosqich — 15–31 yanvar.
Fuqarolar o‘zlari census.stat.uz platformasi orqali OneID tizimi yordamida mustaqil ravishda onlayn ro‘yxatdan o‘tadilar. Bu bosqich tezkorlik, shaffoflik va qulaylikni ta’minlashga xizmat qiladi.
2-bosqich — 4–28 fevral.
Mazkur davrda mahalla yettiligi xonadonma-xonadon yurib, planshetlar orqali ro‘yxatga olish savolnomasini to‘ldiradi. Bu jarayon onlayn ro‘yxatdan o‘tolmagan fuqarolarni to‘liq qamrab olishni ko‘zda tutadi.

O'rganish ishlari davomida mavjud kamchiliklar muhokama qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Ishchi guruh rahbari ushbu jarayonning muhim siyosiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, har bir fuqaro faol ishtirok etishi zarurligini qayd etdi. Ro‘yxatga olish natijalari kelgusi yillarda Namangan shahri rivojlanishining asosiy yo‘nalishlarini belgilab berishini alohida urg‘uladi.



