05/12/2025

2025-yil 5-dekabr kuni Namangan viloyat statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida “Huquqiy bilimlar” mavzusida o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi. Tadbir 8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan tashkil etildi.

Mashg‘ulot davomida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan referendumda umumxalq ovoz berish orqali yangi tahrirda qabul qilingani va 2023-yil 1-maydan kuchga kirgani ta’kidlandi. Qayd etilishicha, Konstitutsiya muqaddima, 6 bo‘lim, 27 bob va 155 moddadan iborat.

Shuningdek, Konstitutsiyaga muvofiq O‘zbekiston suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani, davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishi hamda davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’ul ekani haqida ma’lumot berildi.

Mashg‘ulotda inson huquq va erkinliklari oliy qadriyat ekani, xususan, uy-joyga ega bo‘lish, bepul tibbiy xizmatlardan foydalanish, qulay atrof-muhitga ega bo‘lish, adolatli mehnat haqi olish, munosib turmush darajasiga ega bo‘lish huquqlari Konstitutsiya bilan kafolatlangani ta’kidlandi. Shuningdek, o‘qituvchilar maqomi himoyalanishi, oila va ayollar huquqlari, yoshlar va nogironlar manfaatlari, xususiy mulk daxlsizligi, sud hokimiyati mustaqilligi va advokatura tizimi mustahkamlangani qayd etildi.

Seminar davomida Konstitutsiyaning bo‘lim va boblari yuzasidan tushuntirishlar berilib, tadbir savol-javoblarga boy va qiziqarli tarzda o‘tdi.