O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining statistika tizimini takomillashtirish hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga qaratilgan qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan ushbu o‘quv seminari hududlarda statistik savodxonlikni oshirishga xizmat qildi.

Uch kun davom etgan mashg‘ulotlarda mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda turli soha vakillari ishtirok etdi. Dastlabki mashg‘ulotlar Namangan davlat pedagogika institutida start oldi.

O‘quv jarayonlari davomida ishtirokchilarga statistikaning asosiy tushunchalari, usul va metodlari, rasmiy statistika tizimining ishlash mexanizmlari, shuningdek, statistik ko‘rsatkichlarni shakllantirish va e’lon qilish tartibi haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni tahlil qilishning zamonaviy yondashuvlari amaliy misollar orqali tushuntirildi.

Seminar davomida raqamli texnologiyalardan foydalanish, jumladan, “E-stat 4.0” axborot tizimi, statistik hisobotlarni topshirish tartibi hamda rasmiy statistika ko‘rsatkichlarini e’lon qilish mexanizmlari yuzasidan ham tushunchalar berildi.

O‘quv kursi yakunida ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi hamda ular zarur o‘quv-uslubiy materiallar bilan ta’minlandi.

Mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan mazkur tashabbus hududlarda statistik ma’lumotlarning sifati va ishonchliligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.








