21/08/2026

2026-yil 21-avgust kuni Namangan viloyati statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida navbatdagi “Huquqiy bilimlar” o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 14-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida”gi O‘RQ-1166-son Konstitutsiyaviy Qonuni mazmun-mohiyati haqida tushuncha berildi.

Mashg‘ulot davomida mazkur Qonunning asosiy maqsadi Prezident Administratsiyasi faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solish, davlat boshqaruvi tizimida Prezident vakolatlarini amalga oshirishning tashkiliy, huquqiy va tahliliy mexanizmlarini belgilashdan iborat ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, Prezident Administratsiyasining davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish, Prezident farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari ijrosini monitoring qilish hamda nazoratini tashkil etish borasidagi vakolatlari haqida ma’lumot berildi. Administratsiyaning bevosita Prezidentga bo‘ysunishi va unga hisobdorligi qayd etildi.

Seminar davomida Administratsiya faoliyatining Konstitutsiya va qonunlar ustunligi, inson huquq va erkinliklarining ustuvorligi, xolislik, mustaqillik, ochiqlik va shaffoflik kabi asosiy prinsiplari ham tushuntirildi.

Bundan tashqari, Administratsiyaning davlat organlari va tashkilotlaridan zarur ma’lumotlarni olish, topshiriqlar berish, ularning ijrosini nazorat qilish hamda davlat organlari faoliyati samaradorligini baholashga oid vakolatlari haqida ma’lumotlar berildi.

O‘quv mashg‘ulotida Administratsiya Rahbarining huquqiy maqomi va vakolatlari, jumladan, davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, Prezident topshiriqlari ijrosini nazorat qilish, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini monitoring qilish, davlat kadrlar siyosatini amalga oshirish va Prezidentga tegishli takliflar kiritish borasidagi vazifalari ham muhokama qilindi.